Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatga (https://t.me/Kar24Uz/45428) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.
Murojaatda Nukus shahri hududidan o‘tuvchi D234 “Nukus – Temir yo‘l vokzali” (A. Dosnazarov ko‘chasi) avtomobil yo‘lining 8–9-kilometr oralig‘ida yo‘l qoplamasida yuzaga kelgan nosozliklar aks ettirilgan.
Aniqlanishicha, yo‘l qatlamining buzilishiga yo‘l ostidan o‘tgan kanalizatsiya quvurlarining yaroqsiz holga kelgani va ularning ketma-ket yorilishi sabab bo‘lgan. Suv sizib chiqishi natijasida yo‘l asosiga zarar yetgan va bu holat yo‘lning takroran buzilishiga olib kelgan.
Mazkur yo‘l qismida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi tomonidan bir necha bor ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Biroq, quvurlardagi muammolar to‘liq bartaraf etilmagani sababli, yo‘l qisqa muddat ichida yana ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan.
Tegishli tashkilotlar tomonidan kanalizatsiya tarmog‘idagi nosozliklar to‘liq bartaraf etilgandan keyin, avtomobil yo‘lidagi kamchiliklarni tiklash ham aynan shu tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilangan.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi kanalizatsiya quvurlaridan kelib chiqqan texnik muammolar uchun javobgar emas. “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq, avtomobil yo‘llariga zarar yetkazgan yuridik yoki jismoniy shaxslar yetkazilgan zararni o‘z mablag‘lari hisobidan tiklashlari shart. Shu sababli, kanalizatsiya tarmoqlaridan kelib chiqqan nosozliklar tufayli buzilgan yo‘l qoplamasi ham mazkur tizimlarga egalik qiluvchi tegishli tashkilotlar tomonidan belgilangan tartibda ta’mirlanishi lozim.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan avtomobil yo‘lida yuzaga kelgan kamchiliklarni belgilangan tartibda bartaraf etish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilayotganligini ma’lum qilamiz.
🏢Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi matbuot xizmati