O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “Yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-4954-son Farmoniga asosan tugatilayotgan Avtomobil yo‘llari qurish va foydalanish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi (“O‘zavtoyo‘l” DAK) negizida O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkil etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-2776-son qaroriga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda — “Bosh boshqarma”) O‘zbekiston Respublikasi Avtomobili yo‘llari davlat qo‘mitasi tashkiliy tuzilmasiga kiritilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil Yo‘llari davlat qo‘mitasining (keyingi o‘rinlarda – “Muassis”) 2017-yil 29-martdagi 06-sonli buyrug‘iga asosan tashkil etilgan.
Ushbu Nizom Bosh boshqarmaning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari va faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.
Bosh boshqarmaning to‘liq nomi:
o‘zbek tilida – Qoraqalpog‘iston Respublikasi avtomobil o‘llari hududiy bosh boshqarmasi (qisqartmasi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi AYHBB);
rus tilida — Территориальное главное управление по автомобильным дорогам Республики Каракалпакстан (qisqartmasi – ТГУАД Республики Каракалпакстан).
Qoraqalpog‘iston Respublikasi avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi — “Qoraqalpoqavtoyo‘l” hududiy yo‘llardan foydalanish tashkilotining huquqiy vorisi hisoblanadi.
Bosh boshqarma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Muassisning qarorlari, farmoyishlari va buyruqlariga mazkur Nizomga hamda sohaga oid boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Bosh boshqarma o‘z faoliyatini to‘liq xo‘jalik hisobi asosida amalga oshiradi va bevosita Muassisga bo‘ysunadi.
O‘zbekiston Respublikasi avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi Bosh boshqarmaning Muassisi hisoblanadi.
Bosh boshqarma o‘z vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qiladi.
Bosh boshqarma Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi avtomobil yo‘llarini davlat tomonidan boshqaradigan maxsus vakolatli idora bo‘lib hisoblanadi va Qoraqalpog‘iston hududidagi avtomobil yo‘llari sohasida Muassisning yagona texnika siyosatini olib boradi.
Bosh boshqarma tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida joylashgan tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonalari, ko‘priklardan foydalanish unitar korxonasi, yo‘llardan muntazam foydalanish unitary korxonalari, davlat unitar korxona shaklidagi Mintaqaviy Yo‘llarga buyurtmachi xizmati, unitar korxona shaklidagi mintaqaviy avtomobil yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan korxonalar hamda Muassis tomonidan o‘rnatilgan tartibda yangi tashkil etiladigan korxona va tashkilotlar kiradi.
Bosh boshqarma tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar o‘zlarining xo‘jalik mustaqilligini va yuridik shaxs maqomini saqlab qoladilar.