So‘nggi yillarda Davlatimiz rahbari tomonidan yo‘l-transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mavjud yo‘llarni ta’mirlash va yangi yo‘nalishlarni barpo etish borasida qator muhim qarorlar va farmonlar qabul qilinmoqda. Bu islohotlar natijasida yurtimizning barcha hududlarida, xususan, chekka tuman va qishloqlarda ham yo‘l tarmoqlari izchil ravishda yangilanmoqda.
Ayniqsa, Hurmatli Prezidentimiz tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasining infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani katta ahamiyat kasb etmoqda. Qoraqalpog‘iston hududi geografik va iqlimiy jihatdan murakkab bo‘lishiga qaramay, so‘nggi yillarda bu yerda ijtimoiy va iqtisodiy infratuzilmani yaxshilash, transport yo‘llarini ta’mirlash va modernizatsiya qilish bo‘yicha qator amaliy loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Hududiy loyihalarning amaliy ifodasi sifatida Chimboy tumanida olib borilayotgan yo‘lsozlik ishlari e’tiborga loyiqdir. Jumladan, D234 (4R176) “Nukus–Chimboy–Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining 81–82-kilometr oralig‘ida asfalt yotqizish ishlari olib borilmoqda. Chimboy TYFDM tomonidan tashkil etilgan ushbu ta’mirlash ishlariga: 10 ta maxsus texnika 17 nafar ishchilar jalb qilingan.
Ta’mirlash ishlari yuqori texnologik talablar asosida olib borilmoqda. Qurilish ishlari nihoyasiga yetgach, yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati sezilarli darajada oshadi, transport oqimi silliqlashadi, yo‘lovchilarning xavfsizligi ta’minlanadi va mahalliy iqtisodiy faollik uchun qulay sharoit yaratiladi.