Bugungi kunda Respublikamiz hududida umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari bo‘ylab joylashgan avtobekatlarni ta’mirlash, saqlash, bo‘yash va yangilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar, eng avvalo, yo‘lovchilarning xavfsizligi va qulayligini ta’minlash, shuningdek, yo‘l-transport infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilgan.
Qishloq va shahar aholisining avtobuslar orqali erkin harakatlanishi, to‘xtash joylarining holati va tashqi ko‘rinishi bevosita ijtimoiy hayot sifati bilan bog‘liq. Shu bois, avtobekatlarning tashqi ko‘rinishini yangilash, tozaligi, qulay infratuzilmasi hamda belgilangan joylarda joylashtirilishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Amalga oshirilayotgan ishlar doirasida respublika bo‘ylab mavjud avtobekatlarning texnik holati baholanib, bosqichma-bosqich ta’mirlash va yangilash ishlari olib borilmoqda. Bu jarayon orqali nafaqat yo‘lovchi oqimi tartibga solinmoqda, balki aholiga xizmat ko‘rsatish sifati ham sezilarli darajada oshmoqda.