Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan (https://youtube.com/watch?v=w8hzX5id_nM&si=y-0_pHL25aPHi9dR) video murojaatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.
Bugungi kunda, A380 «G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu» avtomobil yo‘lining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tgan barcha qismlarida paydo bo‘lgan nuqsonlarni bartaraf qilish maqsadida ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bundan tashqari, avtomobil yo‘lining 673-698- km qismida Xalqaro standartlarga mos ravishda sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish ishlari, 698-723- km qismlarida ham qurilish ishlari olib borilmoqda.
Avtomobil yo‘lining 581-673- km ya’ni To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy tumanlari hududidan o‘tgan qismini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-213-son “Qoraqalpog‘iston Respublikasida tadbirkorlik, innovatsion texnologiyalar va infratuzilmalarni jadal sur’atlarda rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra rekonstruksiya qilish loyihasini Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirish belgilangan. Bugungi kunda, loyihani amalga oshirish ishlari boshlanganligi, loyihaning texnik hujjatlarini tayyorlash ishlari olib borilayotganligini ma’lum qilib bildiramiz.
🏢Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi matbuot xizmati