background

A380 avtomobil yo‘lida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda

Admin 30-Aprel-2025

A380 avtomobil yo‘lida rekonstruksiya ishlari davom etmoqda

A380 «G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» avtomobil yo‘li xalqaro transport yo‘nalishining O‘zbekistondagi qismi hisoblanib, u orqali Markaziy va Sharqiy Yevropa, Rossiya, Ukraina va Qozog‘istonga chiqish ta’minlanadi hamda O‘zbekiston orqali trans-afg‘on transport yo‘nalishiga ulanadi. Ushbu avtomagistral Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlari hududidan o‘tib, davlatlar, viloyatlararo aloqalarni ta’minlashda ham muhim bo‘g‘in kasib etadi.

Avtomobil yo‘lini Xalqaro standartlarga mos, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish bo‘yicha Hurmatli Prezidentimiz tomonidan bir qancha qaror va farmonlar qabul qilinib, bugungi kunda ushbu qarorlar asosida avtomobil yo‘lida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Hurmatli Prezidentimizning 2024-yil 24-dekabr kungi «2025 – 2027-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-454-sonli qarori asosida A-380 «G‘uzor – Buxoro – Nukus – Beyneu» avtomobil yo‘lining 698 – 723-km oralig‘ida qurilish-ta’mirlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Qurilish ishlari uchun 2025-yilga 71,2 mlrd so‘mlik shartnomalari tuzilgan.

Hozirgi vaqtda, Qipchoq Yo‘llardan muntazam foydalanish davlat muassasasi tomonidan 720-721-km oralig’ida asfalt yotqizish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu ishlarga jami 20 dan ortiq mashina-mexanizmlari, 30 dan ortiq ishchilar safarbar etilgan. Quruvchi tashkilot tomonidan qurilish ishlarini yil oxiriga yakunlab, obyektni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.