
Nukus shahri hududidan o‘tuvchi 95V001 “Nukus shahri kichik halqa yo‘li” avtomobil yo‘lining 16–18-kilometrlari oralig‘ida amalga oshirilayotgan yo‘lni kengaytirish ishlari yuzasidan press-tur tashkil etildi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlarga loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, avtomobil yo‘lining jami 1,1 kilometr qismi 14 metrdan 22 metrgacha kengaytirilayotgani, bu esa yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish va transport harakati uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, loyiha amalga oshirilishi natijasida Nukus shahridagi transport oqimini tartibga solish, tirbandliklarni kamaytirish hamda yo‘l harakati xavfsizligini yanada yaxshilash ko‘zda tutilgan.