background

Rasmiy munosabat

Admin 12-Aprel-2026

Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a, To‘rtko‘l, Beruniy hamda Amudaryo tumanlaridagi yo‘l infratuzilmasi holati yuzasidan tarqalgan tanqidiy materiallar Avtomobil yo‘llari tizimi mutasaddilari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Qayd etish joizki, mazkur hududlarda mavjud yo‘llarning bir qismi uzoq yillar davomida to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilmagan bo‘lib, ayrim uchastkalarda joriy ta’mirlash ishlari olib borilgan. Bunda mavjud moliyaviy resurslar doirasida, eng avvalo, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida nosoz uchastkalarni tezkor bartaraf etish (yamash) ishlari amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, tan olish kerakki, ayrim hududlarda yo‘llarning texnik holati bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi. Bu boradagi muammolarni tizimli hal etish maqsadida 2026-yil va undan keyingi davrlar uchun hududiy dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, ularga muvofiq bosqichma-bosqich kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilishi belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining 342-son qarori ijrosi yuzasidan ham tegishli tashkilotlar tomonidan muntazam monitoring ishlari olib borilmoqda. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mas’ul tashkilotlarga ko‘rsatmalar berilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar belgilanmoqda.

Shuningdek, yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq loyihalar doirasida ajratilayotgan mablag‘larning ochiqligini ta’minlash, pudratchi tashkilotlar faoliyatini shaffof asosda tashkil etish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jumladan yo‘l belgilarini o‘rnatish, chiziqlarni yangilash va tungi yoritish tizimlarini yaxshilash masalalari ham alohida e’tiborda bo‘lib, bu boradagi ishlar hududlar kesimida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Avtomobil yo‘llari tizimi mutasaddilari fuqarolar va jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan har bir murojaat va tanqidiy fikrlarni e’tibordan chetda qoldirmaydi hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralarni izchil davom ettiradi.

Skip to content