
Xo‘jayli tumani hududida D154m avtomobil yo‘li bilan D232 avtomobil yo‘lining kesishgan qismida muhim o‘zgarish amalga oshirilmoqda. Mazkur hududdagi mavjud halqa yo‘l (aylanma yo‘l) transport harakati xavfsizligini oshirish hamda yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash maqsadida zamonaviy chorrahaga aylantirilmoqda.
Qurilish ishlari Xo‘jayli tumani Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan olib borilmoqda. Ayni paytda eski asfalt qoplamasi maxsus freza texnikasi yordamida kesib olinib, hudud yangi loyihaga tayyorlanmoqda.

Mazkur o‘zgarish natijasida chorrahada harakat xavfsizligi oshadi, chunki transport oqimi yo‘l belgilari va tartibga solish vositalari orqali aniq boshqariladi. Shu bilan birga, haydovchilar ortiqcha aylanishsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri kerakli yo‘nalishda harakatlana oladi, bu esa vaqtni tejaydi. Natijada transport oqimi yanada tartibli va tezkor bo‘lib, tirbandliklar kamayadi. Bundan tashqari, yirik yuk mashinalari uchun ham burilishlar osonlashib, harakat qilish yanada qulaylashadi.
Avval mazkur hududdagi harakat tartibi tuman aholisi va tumanga keluvchilar uchun muayyan noqulayliklar tug‘dirib kelgan bo‘lsa, amalga oshirilayotgan ushbu ishlar mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.