background

⚡️RASMIY MUNOSABAT

Admin 12-Fevral-2026

⚡️RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan murojaatga (https://t.me/ASBLOGI/959) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.

Avtomobil yo‘llarida kuz-qish mavsumidan so‘ng turli nuqsonlar paydo bo‘lishi tabiiy jarayon hisoblanadi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasining keskin kontinental iqlimi, qish mavsumida haroratning keskin pasayishi, muzlash va erish jarayonlarining tez-tez takrorlanishi, shamol va namlik omillari yo‘l qoplamasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada ayrim hududlarda asfalt-beton qoplamada yoriqlar, cho‘kishlar va o‘yiqlar yuzaga kelishi mumkin.

Mazkur nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha hududlarda o‘rganish ishlari olib borilib, aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda tiklash choralari ko‘rilmoqda. Hozirgi kunda joriy ta’mirlash va tiklash ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, belgilangan grafik asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida avtomobil yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, mavjud yo‘llarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari tasdiqlangan dasturlar asosida bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Xususan, 2026-yil davomida umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarining 300 kilometrdan ortiq qismi ta’mirlanishi, shuningdek 24 ta ko‘prikni qayta qurish ishlari bajarilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, ichki xo‘jalik avtomobil yo‘llarida 2026-yilda 757,3 kilometr uzunlikdagi yo‘llarda jami 311,4 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilangan. Jumladan, “Open byudjet”ning 2025-yil 2-mavsumi doirasida 2026-yilga o‘tuvchi 17,4 kilometr uzunlikdagi 23,2 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari rejalashtirilib, ijrochi korxonalar bilan qo‘shimcha kelishuvlar tuzilgan hamda bugungi kunda qurilish ishlari yakunlanish bosqichida. “Open byudjet” 2026-yil doirasida esa 255 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llarida 169,5 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, PQ-330-sonli “Kambag‘allikdan farovonlikka qarab” dasturi doirasida 154,5 kilometr ichki yo‘llar uchun 43,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan bo‘lib, hozirgi vaqtda moliyalashtirish jarayonlari olib borilmoqda.

Kelgusida xalqaro moliya institutlari ishtirokida yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi 92-sonli qaroriga muvofiq A-380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining 765–806 kilometr (41 km) qismi, ya’ni Nukus shahri, Taxiatosh va Xo‘jayli tumanlari hududidan o‘tuvchi uchastkalari sement-beton qoplama bilan qayta quriladi. Loyiha qiymati 180 million AQSh dollarini tashkil etib, 2026–2029-yillarda amalga oshiriladi. Mazkur loyiha doirasida 8 ta ko‘prik rekonstruksiya qilinadi, suv o‘tkazgich inshootlari o‘rnatiladi hamda 185 ta kirish-chiqish yo‘llari barpo etiladi. Ushbu loyiha transport-logistika tizimini yaxshilash va hududda ekologik turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-72 hamda 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-330-sonli qarorlariga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 328,1 kilometr mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llarini to‘liq ta’mirlash belgilangan bo‘lib, loyiha qiymati 149,1 million AQSh dollarini tashkil etadi va 2025–2029-yillarda amalga oshiriladi. Prezidentning 2022-yil 18-maydagi PQ-249 hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 27-dekabrdagi 723-sonli qarorlariga muvofiq esa 2026-yildan boshlab 62 kilometr mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari sement-beton qoplama bilan qayta qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha qiymati 18,5 million AQSh dollarini tashkil etadi va 2026–2028-yillarda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi hududdagi yo‘l infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi hamda fuqarolarning murojaatlari doimiy ravishda o‘rganib boriladi.

Skip to content