A380 “Gʻuzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining Ellikqal’a tumani hududidan o‘tuvchi 607,9-kilometri (17-piket) qismida joylashgan ko‘prikda qurilish ishlari olib borilmoqda. Jarayonga 5 ta maxsus texnika va 10 nafar malakali ishchi-xodim jalb etilgan.
Mazkur ko‘prik 1972-yilda qurilgan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida tabiiy omillar, sho‘rlanish hamda og‘ir yuk tashuvchi transport vositalari harakati oqibatida avariya holatiga kelib qolgan edi. Shu sababli uni yangidan barpo etish ishlari boshlab yuborildi.
Harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda aylanma yo‘l barpo etilib, asfalt qoplamasi yotqizildi. Shuningdek, yo‘l belgilari va miltillovchi xavfsizlik vositalari o‘rnatildi. Ushbu choralar yo‘l harakati qatnashchilarining xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan.