
Ijtimoiy tarmoqlarda (https://t.me/Kar24Uz/48428) Nukus shahridagi yo‘llardan birida fuqaro tomonidan vaqtinchalik buzilgan yo‘l qismini mustaqil ravishda ta’mirlash jarayoni aks etgan videolavha tarqaldi. Ushbu murojatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.
Ma’lum qilamizki, Nukus shahrida “Aqlli svetofor tizimini joriy etish” loyihasi doirasida kesishmalarda zamonaviy svetoforlar o‘rnatilmoqda. Ushbu tizimlar yo‘l harakati xavfsizligini oshirish, shahar markazida transport oqimini tartibga solish va tirbandliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
Mazkur jarayon davomida muhandislik kommunikatsiyalarini o‘tkazish hamda uskunalarni o‘rnatish uchun ayrim yo‘l qismlarida vaqtinchalik qazish ishlari olib borilmoqda. Hozirda bu ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda, qazilgan joylarni tiklash ishlari esa reja asosida yaqin kunlarda to‘liq yakunlanadi.
Fuqaroning yo‘l holatiga befarq bo‘lmagani va faol fuqarolik pozitsiyasi albatta e’tirofga loyiq. Shu bilan birga, avtomobil yo‘llari va ularning infratuzilmalari davlat mulki hisoblanadi. Shuning uchun yo‘llarda har qanday ta’mirlash yoki o‘zgartirish ishlarini faqat tegishli tashkilotlar texnik me’yorlarga muvofiq amalga oshirishi lozim.
Bunday ishlarning o‘zboshimchalik bilan bajarilishi ish sifati va yo‘l harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi Nukus shahridagi vaqtinchalik buzilgan yo‘l qismlarini qisqa fursatda tiklashni ta’minlaydi hamda aholining sabr-toqat va hamkorligiga minnatdorlik bildiradi.
Avtomobil yo‘llarida olib borilayotgan har bir loyiha, jumladan “Aqlli svetofor tizimi”, xalq farovonligi, xavfsiz va qulay harakatlanishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.