Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video murojaatga (https://t.me/antikorruz/43602?single) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.
Ijtimoiy tarmoqlarda shu yilning 1-noyabr kuni soat 11:55da D239 (4P182) “A380 avtomobil yo‘li (661-km dan) – Qizilqal’a ovuli – Bo‘ston shahri – Guldursun qishlog‘i – To‘rtko‘l tumani” avtomobil yo‘lining 23–24-kilometr qismida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur yo‘l transport hodisasiga avtomobil yo‘lining qatnov qismida paydo bo‘lgan nuqsonlar sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Ma’lum qilamizki, mazkur avtomobil yo‘lining 17-24-km qismida joriy yilning oktyabr oyida joriy ta’mirlash ishlari olib borilgan. Shu bilan birga, harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan. Qatnov qismining ushbu qismida harakatlanish tezligi 70 km/soat qilib belgilangan.

Shuningdek, yo‘l-transport hodisasiga nima sabab bo‘lganligi yuzasidan aniqlik kiritish va batafsil ma’lumot taqdim etish maqsadida tegishli mutasaddi organlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilayotganligini, o‘rganish ishlarining natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilamiz.