background

⚡️RASMIY MUNOSABAT

Admin 07-Aprel-2026

⚡️RASMIY MUNOSABAT

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video murojaatga (https://t.me/antikorruz/1260) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.

Videoda tasvirlangan holat kuchli sel oqimi natijasida yuzaga kelgan bo‘lib, u A380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining Qoratov hududidan o‘tuvchi ayrim uchastkalarida, shuningdek, D239 avtomobil yo‘lining (A380 avtomobil yo‘lining 661-km qismi) Qizilqal’a ovuli – Bo‘ston shahri – Guldursun qishlog‘i – To‘rtko‘l shahri yo‘nalishining 9–10-kilometr oralig‘ida yo‘lning o‘ng tomonidagi yo‘l chetining sel ta’sirida yuvilishi bilan bog‘liq.

Mazkur holat yuzaga kelishi bilan yo‘l xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, tezkor choralar ko‘rdi. Xususan, sel oqimining avtomobil yo‘liga zarar yetkazishining oldi olinib, suv o‘tkazuvchi quvurlar orqali suvning erkin oqib ketishi ta’minlandi hamda xavfli hududlarda zarur ishlar amalga oshirildi.

Hozirgi kunda ushbu uchastkalarda sel oqibatida zararlangan yo‘l chetlarini tiklash, mustahkamlash va yo‘l infratuzilmasini me’yoriy holatga keltirish ishlari to‘liq yakunlandi.

Ma’lum qilamizki, To‘rtko‘l tumaniga olib boruvchi avtomobil yo‘llari asosan ikki yo‘nalishda tashkil etilgan bo‘lib, ular:
— A380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘li;
— D239 avtomobil yo‘li (Qizilqal’a ovuli – Bo‘ston shahri – Guldursun qishlog‘i – To‘rtko‘l shahri yo‘nalishi) hisoblanadi.

Mazkur yo‘llarda muntazam ravishda ta’mirlash va saqlash ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga:
— avtomobil yo‘lining 673–698-km qismlarida xalqaro standartlarga mos ravishda sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish ishlari;
— 698–723-km qismlarida esa qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, avtomobil yo‘lining 581–673-km (To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy tumanlari hududi) qismini rekonstruksiya qilish loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 31-avgustdagi PF-213-son Farmoniga asosan Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirish belgilangan bo‘lib, mazkur ishlarni yaqin muddatlarda boshlash rejalashtirilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, avtomobil yo‘llarining holati faqatgina bir mansabdor shaxs faoliyati bilan emas, balki uzoq yillar davomida shakllangan infratuzilma, ajratilayotgan moliyaviy mablag‘lar hajmi hamda tabiiy-iqlim sharoitlari kabi qator omillar bilan chambarchas bog‘liq.

Hurmatli fuqarolar, mavjud muammolar bosqichma-bosqich bartaraf etilmoqda va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash ishlari izchil davom ettiriladi.

Skip to content