
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari hamda aholi punktlari ko‘chalarida joylashgan ko‘prik va sun’iy inshootlarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlari izchil davom etmoqda.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining 2026-yil 19-martdagi 19-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda. Unga ko‘ra, qurilgan, rekonstruksiya qilingan hamda ta’mirlangan barcha ko‘prik inshootlari bosqichma-bosqich o‘rganilmoqda.
Shu doirada “O‘zyo‘lko’pirik” klasteri davlat muassasasi direktor o‘rinbosari A. Abdullaev, Boshqarma boshlig‘i U. Matnazarov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida shakllantirilgan ishchi guruh ishtirokida joylarga chiqib o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan, A380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining 746-kilometrida joylashgan ko‘prik hamda D234B avtomobil yo‘lining 2–3-kilometr oralig‘idagi ko‘prik inshootlari bevosita ko‘zdan kechirildi.
O‘rganish jarayonida mavjud kamchilik va muammolar aniqlanib, ularni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur texnik ko‘rik ishlari yo‘l infratuzilmasining xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, aholiga qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.