

Nukus shahri hududidan o‘tuvchi D234 (4R176A) “Nukus temir yo‘l vokzali”ga olib boruvchi (A. Dosnazarov ko‘chasi) avtomobil yo‘lining 9–10- km qismida kanalizatsiya quvurlarida yuzaga kelgan avariya holati sababli yo‘lning ikkiga ajratuvchi qismi oralig‘ida yoriqlar va o‘pirilishlar kuzatildi.
Mazkur holat kuni kecha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari Bosh boshqarmasi tomonidan zudlik bilan nazoratga olinib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida avtomobil yo‘lining bir qismi vaqtincha yopildi hamda tegishli yo‘l belgilari o‘rnatildi.
Hozirgi vaqtda mutasaddi tashkilotlar tomonidan avariya oqibatlarini bartaraf etish va yo‘l qatnov qismini tiklash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan, barcha haydovchilardan o‘rnatilgan yo‘l belgilari va harakat xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilishlari so‘raladi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda (https://t.me/Kar24Uz/51991) D234 “Nukus–Chimboy–Taxtako‘pir” avtomobil yo‘lining 4–5 km qismida, ya’ni Nukus dehqon bozori oldida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari yuzasidan tanqidiy fikrlar bildirilmoqda.
Mazkur uchastkada ta’mirlash ishlari doirasida yo‘l qoplamasi freza uskunasi yordamida kesilgan. Biroq ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishi, xususan yog‘ingarchilik sababli frezalangan qismga asfalt qoplamasini yotqizish imkoni bo‘lmagan. Ma’lumki, yomg‘irli sharoitda asfalt qoplamasini yotqizish texnik me’yor va talablarga javob bermaydi.
Shu sababli ta’mirlash ishlari vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lib, yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Ob-havo sharoiti yaxshilangach, mazkur uchastkada ta’mirlash ishlari to‘liq yakuniga yetkazilishini ma’lum qilamiz.