Osiyo Taraqqiyot bankining Janubiy, Markaziy va G‘arbiy Osiyo hududlari bo‘yicha vitse-prezidenti janob Inmin Yang boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi. Delegatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Amriddin Abdurahmanov hamrohlik qildi.
Tashrif doirasida Osiyo Taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari bilan yaqindan tanishildi. Jumladan, A380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” xalqaro avtomobil yo‘lining Beruniy va Qorao‘zak tumanlari hududidan o‘tgan 673–698 km oralig‘idagi 25 kilometrlik qismi sement-beton qoplamasi bilan rekonstruksiya qilinishi jarayoni o‘rganildi.
Shuningdek, delegatsiya ushbu yo‘lning To‘rtko‘l – Ellikqal’a – Beruniy tumanlari hududidan o‘tgan deyarli 87 kilometrlik qismini rekonstruksiya qilish loyihasi bilan ham tanishdi.
Mazkur yo‘lning qayta qurilishi nafaqat mintaqa transport-kommunikatsiya tizimini tubdan yaxshilash, balki xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish hajmini oshirish, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Delegatsiya a’zolari qurilish ishlarining sifati va amalga oshirilish jarayoniga ijobiy baho berib, bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.