
Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hududidan o‘tuvchi A380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining ahvoli bo‘yicha bildirilgan murojaat (https://t.me/antikorruz/43723) yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi rasmiy munosabat bildiradi.
A380 “G‘uzor–Buxoro–Nukus–Beyneu” avtomobil yo‘lining 619–679-kilometr, ya’ni 60 kilometr qismi Beruniy tumani hududidan o‘tadi. 2025-yil boshidan boshlab ushbu yo‘lda ta’mirlash va nuqsonlarni bartaraf etish ishlari olib borilgan.
Shu bilan birga, avtomobil yo‘lining 648–668-km qismida AUTSORSING asosida ekspluatatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, A380 avtomobil yo‘lining 673–698-kilometr oralig‘ida xalqaro standartlarga mos sement-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki hisobidan ushbu avtomobil yoʻlining 581-673 -km ya’ni To‘rtko‘l, Ellikqal’a, Beruniy tumanlari hududidan o‘tgan qismini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Bugungi kunda pudratchi tashkilotni aniqlash maqsadida loyiha bo‘yicha xalqaro tender savdolari amalga oshirilayotganligini ma’lum qilamiz.